Qirol Karl III omma oldidagi faoliyatiga qaytadi
Buyuk Britaniya qiroli Karl III kelasi hafta ommaviy faoliyatiga qaytadi. Bu haqda Bukingem saroyi rasmiy vakili ma’lum qildi.
Britaniya monarxi kanselyariyasi bayonotida aytilishicha, shifokorlar undagi onkologik kasallikni davolash jarayonining borishidan mamnun va uning sog‘ayib ketish istiqbollari yuzasidan optimizmga to‘la.
Hozircha gap uning qirol sifatida o‘z vazifalarini bajarishga to‘liq ko‘lamda qaytishi va barcha tadbirlarda ishtirok etishi haqida bormayapti, ammo Bukingem saroyi bayonoti voqealarning ijobiy rivojidan darak bermoqda.
75 yoshli Karl III da saraton aniqlangani haqida Bukingem saroyi 5 fevral kuni ma’lum qilgandi. Kasallikning turiga aniqlik kiritilmadi. Ammo mamlakat bosh vaziri Rishi Sunak tashxis ilk bosqichda qo‘yilganini aytdi.
Ertasi kuni — 6 fevralda monarx bilan uchrashish uchun Britaniyaga uning kenja o‘g‘li shahzoda Garri uchib keldi. U 2020 yilda rafiqasi Megan Markl bilan qirollik vakolatlaridan o‘zini soqit qilib, AQShga ko‘chib ketgandi.
8 fevral kuni esa qirolicha Kamilla turmush o‘rtog‘i davolanish kursini boshlaganini va o‘zini juda yaxshi his qilayotganini bildirdi.
Karl III 2022 yil sentyabrida onasi Yelizaveta II ning o‘limidan keyin taxtga o‘tirgan edi.
18-mart kuni qirol Karl III ning o‘limi haqida ba’zi ommaviy axborot vositalari Bukingem saroyidan kelgan xabarga asoslanib ma’lumotlar tarqatdi. Biroq, keyinchalik qirollik qarorgohi matbuot xizmati bu da’volarni rad etib, monarx tirik ekanligini va rasmiy va shaxsiy faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etayotganini tasdiqladi.
Sharhlar