Qizil dengizda uch kundan beri xutiylar hujumiga uchragan grek tankeri yonmoqda
Yevropa Ittifoqining Qizil dengizdagi Aspides dengiz missiyasi tomonidan yakshanba kuni e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Sounion kemasidan chiqayotgan tutun va alangada ichida qolgan kema ko‘rinmoqda.
Bir necha kun avval Yevropadan Osiyoga boradigan asosiy dengiz yo‘li bo‘ylab Gretsiya bayrog‘i ostida suzib ketayotgan tanker xutiylar tomonidan hujumga uchragan edi. Ekipaj Sounion kemasini tark etishga majbur bo‘lgan.
Hutiylar Isroilning Xamas bilan urushi boshlanganidan beri Qizil dengizda muntazam ravishda kemalarni o‘qqa tutmoqda.
Juma kuni kechqurun Britaniyaning United Kingdom Maritime Trade Operations harbiy markazi Sounion kemasida yong‘in haqida xabar bergan.
“UKMTO kemada uchta olov o‘chog‘i aniqlangani haqida xabar oldi. Kema oqim bilan ko‘chib yurganga o‘xshaydi”, – deyiladi markaz bayonotida.
Ekipaj tarkibida 25 nafar filippinlik va to‘rt nafar rossiyalik fuqaro bo‘lgan. Payshanba kuni frantsuz esminetsi ularni Sounion kemasidan olib, yaqin atrofdagi Jibuti portiga yetkazgan.
150 ming tonna xom neftni olib ketayotgan yonayotgan tanker jiddiy ekologik xavf tug‘diradi, deya ogohlantiradi Aspides.
“Hududdagi har bir kishi ehtiyot bo‘lishi va hozirgi vaziyatni yomonlashtiradigan har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi zarur”, — deya qo‘shimcha qiladi u va neft sizib chiqishi hali qayd etilmaganini ta’kidlaydi.
Juma kuni hutiylar tankerdagi portlash aks etgan video tasvirlarni e’lon qilishdi. The Associated Press tomonidan kadrma-kadr tahlili shuni ko‘rsatdiki, Sounion kemasida bir vaqtning o‘zida uchta portlash sodir bo‘lgan. Bu portlash raketa yoki dron yordamida emas, balki o‘rnatilgan portlovchi moddalar yordamida amalga oshirilganligini ko‘rsatmoqda.
Sharhlar