Qizil xoch qo‘mitasi o‘zining G‘azodagi ofisidan bir necha metr masofada zarba natijasida 22 nafar qochqin halok bo‘lganini ma’lum qildi
Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining bildirishicha, uning G‘azodagi ofisi otishma natijasida zarar ko‘rgan, natijada u yerda boshpana izlagan 22 kishi halok bo‘lgan.
“Zarba XQXQning ofisiga zarar yetkazdi, uning atrofida chodirlarda yashovchi yuzlab ko‘chirilgan tinch aholi yashardi, jumladan, ko‘plab falastinlik hamkasblarimiz ham bor”, — deyiladi XQXQ bayonotida. Unda aniqlik kiritilishicha, “og‘ir kalibrli snaryadlar juma kuni tushdan keyin XQXQ ofisi va turarjoy binolaridan bir necha metr masofaga tushgan”.
Xamas nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi, hujumda 25 kishi halok bo‘lgani, 50 kishi yaralanganini aytgan va bunda Isroilni ayblagan. Isroil Mudofaa kuchlari vakilining Bi-Bi-Siga aytishicha, dastlabki tergovlar Isroil hududga zarba bergani haqida “hech qanday ishora” yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, u ushbu voqea “ko‘rib chiqishda davom ettirilishini” qo‘shimcha qilgan.
G‘azo va Isroil o‘rtasidagi urush Xamas guruhi 7-oktyabr kuni Isroilga misli ko‘rilmagan shafqatsiz hujum uyushtirganidan keyin boshlangan. 1200 ga yaqin odam, asosan, G‘azoni o‘rab turgan shahar va qishloqlardan tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, yana bir necha ming kishi yaralangan va jarohatlangan, 250 ga yaqin odam esa G‘azoga garovga olib ketilgan. Xamasning da’vo qilishicha, keyingi harbiy harakatlar natijasida 37 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana yuz minglab odamlar yaralangan yoki uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Sharhlar