Ukraina qurolli kuchlari RF Harbiy-desant qo‘shinlari qo‘mondoni va rossiyalik muxbirni yo‘q qilgan bo‘lishi mumkin

Foto: “Oboz.ua”

Ukraina mudofaa kuchlarining Rossiya qo‘shinlari qo‘mondonlik punkti joylashgan tankerga zarba berishi oqibatida RF Harbiy-desant qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Mixail Teplinskiy halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, “O‘n uchinchi” laqabli rossiyalik harbiy muxbir Yegor Guzenko ham halok bo‘lgani haqida ma’lumotlar tarqaldi, ammo ular tasdiqlanmadi.

“Oboz.ua” nashrining Ukraina razvedkasidagi manbalari Teplinskiyning o‘limi haqidagi axborotni tasdiqladi. Rossiya OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukraina mudofaa kuchlari zarbasiga uchragan tankerda bo‘lgan.

Rossiyaning ba’zi nashrlari Guzenko Checheniston rahbari Ramzan Qodirov gvardiyasi — qodirovchilar yordami bilan yo‘q qilingani, ular orasida ochiq ixtilof bo‘lgani haqida yozdi.

Ammo keyinroq Guzenko aloqaga chiqib, tirik ekanligini ma’lum qildi, uning o‘limi haqidagi axborot esa front ortidagi Ukraina razvedkasi agentlarini aniqlash uchun o‘tkazilgan maxsus operatsiya bo‘lganini aytdi.

Ma’lumot uchun, Mixail Teplinskiy asli Ukrainaning Donetsk viloyati Mospino shahridan bo‘lib, 2022-yilda Rossiya Harbiy-desant qo‘shinlari qo‘mondoni etib tayinlangan. 2023-yil 30-oktabrda “Dnepr” qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimini egallagan.

Yegor Guzenko esa ukrainalik harbiy asirlarni shafqatsiz jazolashga qaratilgan da’vatlari bilan tanilgan. 2015-yildayoq “DXR” istilochilari safiga qo‘shilib, “O‘n uchinchi” pozivnoyini olgan. Shuningdek, Suriyada jang qilgan, Rossiyada janjal va hatto otishmalar ishtirokidagi jinoiy hujjatlarda nomi tilga olingan. So‘nggi vaqtlarda u qodirovchilar bilan ziddiyatga borib qolgan, ularni TikTok’da masxara qilgan, hatto Checheniston rahbarini omma oldida kamsitgan. Guzenko “Ahmad” bo‘linmasidagi qodirovchilar unga doimiy tahdid qilib kelishini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 11-mart kuni Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk yuk kemasida joylashgan Rossiya boshqaruv punktiga havodan zarba berilganini ma’lum qilib, ukrainalik uchuvchilarga muvaffaqiyatli operatsiya uchun minnatdorlik bildirgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.