Qozog‘iston prezidenti Xavfsizlik kengashi majlisini o‘tkazdi

Токаев
Фото: Tengrinews.kz.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat Xavfsizlik kengashi majlisini o‘tkazdi.

Milliy xavfsizlik strategiyasini amalga oshirishdagi asosiy yondashuvlarni dolzarblashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Prezident ko‘rib chiqilayotgan masala dunyoda geosiyosiy vaziyat murakkablashayotgan bir paytda Qozog‘iston iqtisodiy va harbiy salohiyatini mustahkamlash nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bosh vazir o‘rinbosari — milliy iqtisodiyot vaziri Nurlan Baybazarovning ma’ruzasi tinglandi. Sohaga aloqador bir qator davlat organlari rahbarlari ham ma’lumot taqdim etdi.

To‘qayev hozirgi sharoitlarda milliy xavfsizlikka tahdid solayotgan asosiy muammolar obyektiv tahlil etilishi va ularning oldini olish uchun choralar ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidladi.

Fuqarolar va davlat xavfsizligi masalalari doim hukumat va barcha idoralar diqqati markazida turishi kerakligi, ular faoliyatining bosh yo‘nalishi bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi yakunida milliy manfaatlar himoyasi va milliy xavfsizlik risklari boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.