Qozog‘istonning Markaziy Osiyo bo‘yicha qo‘shnilarini qanday iqtisodiy kelajak kutmoqda
Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar, Yevropadagi iqtisodiy turg‘unlik va Shimoliy Afrikadagi qurg‘oqchilik jahonda ishlab chiqarish hajmining o‘sishini sekinlashtirgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, deb yozadi Zakon.kz.
Global siyosiy va tabiiy inqirozlar sharoitida Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan Mo‘g‘uliston o‘ziga xos “barqarorlik oroli” sifatida namoyon bo‘lmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Mo‘g‘ulistonning yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 5 foizga, keyingi yilda esa 8 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.
Tojikistonda davlat sektorida ish haqi, pensiyalar va eng kam ish haqining oshishi ichki talabni rag‘batlantirdi, chakana va ulgurji savdoning rivojlanishiga, qimmatbaho va yarim qimmatbaho metallar eksportining qayta tiklanishiga yordam berdi. Tojikiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi Rossiyadan pul o‘tkazmalarining o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarni hisobga olgan holda 2024-yilda 8 foizni, 2025-yilda esa 7 foizni tashkil etadi.
Turkmaniston YeTTB tomonidan o‘zining iqtisodiy barqarorligi, infratuzilmaga sarmoya kiritilishi va tranzit tartib-qoidalarining soddalashtirilgani uchun e’tirof etildi, bu esa yuk aylanmasining oshishiga xizmat qildi. 2024 va 2025 yillarda milliy iqtisodiy o‘sish 6,3% bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi yarmida pul o‘tkazmalari va sayyohlik tashriflarining ko‘payishi hisobiga iqtisodiy o‘sish 6,4 foizgacha tezlashdi. Sanoat ishlab chiqarishi 7,8 foizga o‘sdi, bu 2024 va 2025 yillarda 6 foizni tashkil etishi kutilayotgan YaIMning umumiy o‘sishiga yordam berdi.
Qozog‘iston uchun 2024-yilning birinchi yarmida savdo, transport, omborxona, xizmat ko‘rsatish va axborot texnologiyalari sohalarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mamlakatning iqtisodiy o‘sishi 2024-yilda 4 foizga, 2025-yilda esa 5,5 foizgacha tezlashishi kutilmoqda, bu asosan Tengiz neft konini kengaytirish rejalari hisobiga amalga oshiriladi.
Bu jarayonlarning barchasi Xitoyda iqtisodiy o‘sish bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda, bu mintaqadagi eksportga yo‘naltirilgan mamlakatlarni, shuningdek, ularning iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni rag‘batlantiradi.
YeTTB hisobotida ta’kidlanishicha, mintaqaviy o‘sish 2024-yilda 5,1 foizni tashkil etishi, 2025- yilda esa 5,9 foizgacha tezlashishi kutilmoqda, bu esa tovar eksporti tushumining oshishi, infratuzilmaga investitsiyalar, turizmni rivojlantirish va bozor islohotlari bilan bog‘liq.
Sharhlar