Sankt-Peterburgda avtobus daryoga tushib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 7 kishiga yetdi
Rossiya Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg bo‘yicha boshqarmasi ma’lum qilishicha, avtobus Moyka daryosiga tushib ketishi oqibatida halok bo‘lganlar soni yetti kishiga yetgan, deb yozadi “Kommersant”. Avvalroq uch nafar qurbon haqida ma’lum bo‘lgan edi. Yana ikki kishi og‘ir ahvolda, to‘rt kishi esa klinik o‘lim holatida edi.
10-may kuni kunduzi 20 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus avtomobil bilan to‘qnashib, ko‘prikdan Moyka daryosiga quladi. IIV xodimlari avtobus haydovchisini qo‘lga oldi, u ushbu ish bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida ko‘rilmoqda.
Avtobus haydovchisining rafiqasi 78.ru nashriga ma’lum qilishicha, erkak ish grafigi bir me’yorda bo‘lmagani sababli uyqusizlikdan azob chekkan. Transport bo‘yicha shahar qo‘mitasi haydovchi ish boshlashidan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tgani, uning mehnat va dam olish rejimi joyida bo‘lganini qayd etdi. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sharhlar