Rossiyaning Murmansk viloyati rahbariga qurolli hujum uyushtirildi. Bu so‘nggi 15 yil ichidagi ilk shunday holatdir

покушение
Фото: РИА

Rossiyaning Murmansk viloyati gubernatori Andrey Chibis Apatiti shahar aholisi bilan uchrashganidan keyin hujumga uchradi, deb xabar bermoqda “Interfaks” viloyat matbuot xizmatiga tayanib.

“Qurolli hujum madaniyat saroyi binosidan chiqishda amalga oshirildi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olindi”, — degan nashr suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumdan keyin Chibis mashinagacha o‘zi yurib borgan.

Aniqlik kiritilishicha, gubernator qornidan yaralangan. Ba’zi agentliklar hujum qilgan shaxs pichoq bilan qurollangani haqida yozmoqda.

Chibis kasalxonaga yotqizilgan, uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Gubernatorga 42 yoshli mahalliy fuqaro Aleksandr Bidanov hujum qilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. U qo‘lga olinish chog‘ida yaralangan.

“Agentstvo. Novosti” qayd etishicha, bu 2009-yildan buyon Rossiya viloyati rahbariga hujum uyushtirilib, uning yaralanishi bilan bog‘liq ilk holatdir. O‘shanda “Kavkaz” federal trassasida xudkush terrorchi Ingushetiya prezidenti Yunusbek Yevkurovning avtomobili yaqinida bomba portlatgan, u og‘ir yaralangan, biroq omon qolgan edi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.