Quvayt amiri parlamentni tarqatib yubordi va konstitutsiyaning bir qator nizomlari kuchini to‘xtatib qo‘ydi
Quvayt Milliy majlisi (bir palatali parlament) saylovdan keyin olti hafta o‘tib, tarqatib yuborildi, deb yozadi “Kommersant”. Bunday qaror amir Mishaal Al Ahmad Al Jobir As Sabahyu tomonidan qabul qilindi. U shuningdek, konstitutsiyaning ba’zi nizomlari amal qilishini to‘rt yildan ko‘proq muddatga to‘xtatib qo‘ydi va parlamentning ba’zi vakolatlarini qabul qildi.
“Demokratiya davlatni vayron qilish uchun ishlatilishiga yo‘l qo‘ymayman”, — dedi amir. U o‘z qarorini ba’zi deputatlar uning vakolatlariga aralashgani, boshqalari esa hukumatni shakllantirishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartlar qo‘ygani bilan izohladi. “Biz sabr qilib bo‘lmaydigan qiyinchiliklar va to‘siqlarga uchradik”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Quvayt parlamentiga navbatdan tashqari saylovlar aprel boshida ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyatlar o‘rtasidagi ziddiyat fonida ikki yil ichida beshinchi marta bo‘lib o‘tdi. Hukumatni shakllantirishda qiyinchiliklar yuzaga keldi. Fevralda amir konstitutsiyaga zid iboralardan foydalangan parlamentni tarqatib yubordi. As Sabahyu 2023-yil dekabrida taxtga o‘tirgan edi.
Sharhlar