Quyoshda yuz bergan chaqnash dam olish kunlari Yerga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin
29-may, chorshanba kuni Quyoshda katta kuch bilan chaqnash sodir bo‘ldi, kelayotgan dam olish kunlari Yer uning ta’siri ostiga tushishi mumkin, deb yozadi “RBK” Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti quyosh astronomiyasi laboratoriyasiga tayanib.
Olimlar ma’lumotlariga ko‘ra, Quyoshning bitta qismida bunday yuqori — X1.4 balli chaqnash ikkinchi marta yuz bermoqda, bu ushbu hudud vayron bo‘lganidan darak berishi mumkin.
Bu soha Quyosh — Yer liniyasiga, ya’ni bizga ko‘rinib turadigan quyosh diskining markaziy qismiga qarab harakatlanishda davom etmoqda va yakshanba-dushanba kunlari liniyaga chiqadi.
Quyoshdagi chaqnashlar Yerda magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin, natijada energiya tizimida nosozliklar yuzaga kelishi, shuningdek, qushlar va hayvonlar migratsiya yo‘lidan adashishi mumkin. Bu chaqnash Yer tomonga qanchalik yaqin masofada sodir bo‘lganiga bog‘liq bo‘ladi.
Sharhlar