Taker Karlsonning jamoasi “Rossiya 24” kanalida shou ishga tushirilgani haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi
Tucker Carlson Network striming servisining dasturlash va ishlab chiqarish bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Din Tompson OAVlarda amerikalik jurnalist “Rossiya 24” telekanalida o‘z ko‘rsatuvini ishga tushirgani haqida paydo bo‘lgan xabarlarni butunlay yolg‘on deb atadi. Taker Karlsonning o‘zi ham Rossiya televideniyesida ishlayotgani haqidagi ma’lumotlarni ko‘p marta rad etgan.
Taker Karlson “Rossiya 24” telekanalida o‘z shousining boshlovchisi bo‘lishi haqidagi xabarlar 21-may kuni tarqala boshladi. Nashrlar “Smotrim” platformasida “Tucker” nomli shou paydo bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Unda jurnalist ekspert bilan kana va Laym kasalligini muhokama qilgan. Ko‘rsatuv Karlson o‘zining ingliz tilidagi ko‘rsatuvini tasvirga olib, so‘ng YouTube’ga joylaydigan studiyada yozib olingan.
“Smotrim” saytida “Tucker” ko‘rsatuvi sonlari “Tucker.Rossiya 24” nomli maxsus bo‘limga joylangan. Ammo OAVlar e’tibor qaratgan ko‘rsatuv bu bo‘limdagi birinchisi emas. Ushbu kategoriyadagi ilk video 2023-yil sentabrida e’lon qilingan bo‘lib, u Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan intervyudir. “Tucker” shousiga berilgan ta’rifda aytilishicha, u “Rossiya 24” va “KarlsonTV” — Amerika shoularining rus tilidagi versiyalaridan iborat YouTube-kanal tomonidan yaratilgan.
Sharhlar