Isroil aholini emlash uchun G‘azoda o‘t ochish to‘liq to‘xtatilishini rad etdi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ofisi G‘azo sektorida o‘t ochishning to‘liq to‘xtatilishi haqidagi xabarlar “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi”ni ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Qayd etilishicha, faqat gumanitar yo‘lak va alohida xavfsiz zonalar yaratiladi.
“Isroil faqat gumanitar yo‘lakni ta’minlaydi, u orqali vaksinalovchi guruhlar o‘tadi; shuningdek, bir necha soat davomida vaksinatsiya o‘tkazilishi uchun xavfsiz bo‘ladigan cheklangan zonalar tashkil etiladi”, — deb yozdi bosh vazir ofisi maslahatchisi Dmitriy Gendelman Telegram’da.
Hukumat qayd etishicha, Isroil G‘azo sektorida poliomiyelit avj olishining oldini olishga katta ahamiyat bermoqda, xususan, u butun mintaqada epidemiya tarqalib ketishidan xavfsiramoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) avgustda G‘azo sektorida 25 yil ichida birinchi marta poliomiyelit bilan kasallanish qayd etilganini ma’lum qilgandi. JSST Isroil armiyasi va Falastinning HAMAS harakati bolalarni emlash uchun uchta alohida hududda janglarni to‘xtatishga kelishib olganini xabar bergandi.
Sharhlar