Eron Bosh shtabi Raisiy vertolyoti halokatiga qo‘poruvchilik sabab bo‘lgani haqidagi versiyani rad etdi
Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiyning vertolyoti halokati yuzasidan olib borilayotgan surishtiruv haqida ikkinchi hisobotini taqdim etdi, deb yozadi “Kommersant”. Unda aytilishicha, vertolyot qo‘poruvchilik harakatlari natijasidagi portlash tufayli halokatga uchragani haqidagi versiya istisno qilingan.
Hisobotga ko‘ra, portlash versiyasi vertolyot bo‘laklari va qismlari o‘rganib chiqilganidan keyin istisno qilingan. “Ular o‘rtasidagi masofadan kelib chiqib va ular qay tarzda sochilib ketganiga ko‘ra, parvoz chog‘ida yoki tepalik qiyaligiga to‘qnashuvdan bir necha soniyalar avval sodir etilgan qo‘poruvchilik natijasidagi portlash versiyasi rad etildi”, — deyiladi Bosh shtab hisobotida.
Shuningdek, uchuvchilar o‘rtasidagi suhbatlar o‘rganib chiqilgach, favqulodda vaziyatdan darak beruvchi belgilan aniqlanmagan. So‘nggi marta ular vertolyot qulashidan 69 soniya avval aloqaga chiqqan. Hisobotda meteorologik ma’lumot xato bo‘lgani aytiladi: vertolyot qulagan kuni ob-havo sharoitlari parvoz uchun “qulay” va “mos” deb aytilgan edi.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning vertolyoti 19-may kuni halokatga uchradi. 20-may kuni ertalab kuyib ketgan vertolyot bo‘laklari Ozarbayjon bilan chegaradan 30 km uzoqlikda joylashgan Tavil qishlog‘i yaqinidan topildi. Vertolyot bortida prezident bilan birga mansabdorlar delegatsiyasi ham bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Vertolyot halokatining asosiy versiyasi sifatida ob-havo sharoitlari aytilmoqda — vertolyot kuchli tuman chog‘ida ko‘rish zonasidan g‘oyib bo‘lgan, uning bo‘laklarini 70 ta qutqaruv otryadlari 10 soat davomida qidirgan.
Sharhlar