Ukraina mudofaasi raketalarning bor-yo‘g‘i 30 foizini urib tushirmoqda. Ularning samaradorlik ko‘rsatkichi keskin tushib ketgan
Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaasi so‘nggi bir oy ichida Rossiya qo‘shinlari tomonidan uchirilgan raketalarning bor-yo‘g‘i 30 foizini urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, deb yozadi The Wall Street Journal.
Shu bilan birga, o‘tgan yarim yil ichida Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari raketalarning o‘rtacha 46 foizini urib tushirgan, undan avvalgi yarim yillik uchun ko‘rsatkich esa 73 foizni tashkil qilgan.
Yo‘q qilish osonroq bo‘lgan dronlar borasida esa havo hujumiga qarshi mudofaa samaradorligi sezilarli o‘zgarmagan — so‘nggi yarim yilda 1 foizga pasayib, 82 foizga tushgan, xolos.
Nashr yozishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va dronlar bilan zarbalar shiddatini yarim yil ichida 45 foizga oshirgan. Shunday holat fonida Ukrainada bunday hujumlarga qarshi ularning eng yaxshi himoyasi hisoblangan Patriot tizimlari uchun o‘q-dorilar tugamoqda.
AQSH va Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari UQK himoya uchun zarur narsalarni qo‘lga kiritishi uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda. WSJ’ning Yebropa harbiy razvedkasidagi manbasiga ko‘ra, o‘q-dorilar va himoya tizimlari yetib kelguniga qadar ukrainalik harbiylar ikki oycha amallab turishi kerak.
Sharhlar