Rossiya Ukrainaga raketa bilan zarbalar berdi. Kiyevda urib tushirilgan raketalar bo‘laklari turar joylarga quladi
21-martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa bilan zarbalar berdi. Butun mamlakat bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilindi, deb yozadi Meduza.
Kiyevning o‘zida va unga yaqin hududlarda havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari 30 ga yaqin raketani urib tushirgan. Shahar harbiy ma’muriyati boshlig‘i Sergey Popko qayd etishicha, bu Kiyevning 44 kun ichida birinchi marta o‘qqa tutilishidir.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevning uchta tumanida urib tushirilgan raketalar bo‘laklari turar joylarga va binolarga, shuningdek, avtomobillarga qulagan, yong‘inlar kelib chiqqan.
Kiyev meri Vitaliy Klichko hujum oqibatida o‘n kishi jabrlanganini, ularning ikki nafari kasalxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
Rossiya va Ukraina harbiylari hujumlar yuzasidan rasmiy axborot berganicha yo‘q.
Sharhlar