Ramzan Qodirov Grozniyda yangi tuman tashkil etib, unga Putinning nomini bermoqchi
Checheniston poytaxti Grozniyda yangi tuman tashkil etiladi va unga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nomi beriladi. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.
15-fevral kuni u shahar markaziy qismidagi ishlarning borishi bilan tanishdi. “Bu yerda katta ko‘lamli qurilish bo‘lyapti, u tugagach, yangi tuman ta’sis etiladi. U bizning milliy yetakchimiz, zamonamizning eng atoqli siyosiy arbobi, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nomi bilan ataladi”, — deb yozdi Qodirov Telegram’da.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman 200 gektardan ortiq hududni egallaydi. U yerda 130 ta ko‘p xonadonli uylar, shuningdek, masjidlar, bolalar bog‘chalari va boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlari bo‘ladi.
Nashr eslatishicha, 2008-yilda Grozniyning markaziy shohko‘chasiga Putin nomi berilgan edi. Bundan tashqari, Grozniydagi to‘rtta tuman 2020-yilda Checheniston milliy qahramonlari sharafiga qayta nomlangan bo‘lib, bular — Axmatovskiy, Baysangurovskiy, Shayx-Mansurovskiy va Visaitovskiy tumanlaridir.
Sharhlar