Tramp prezidentlikka rasman nomzod sifatida ilgari surildi, u o‘ziga vitse-prezident tanladi
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp rasman AQSH prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatildi. Miluokidagi qurultoyda Respublikachilar partiyasining ko‘pchilik delegatlari Trampni qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi “Kommersant”. Respublikachilarning partiya qurultoyi 16-iyuldan 18-iyulgacha davom etadi.
Rasman nomzod bo‘lgach, Donald Tramp vitse-prezidentlikka nomzod sifatida Ogayo shtatidan 39 yoshli senatori — Jey Di Vensni tanlaganini ma’lum qildi. Vens ko‘pchilik asosiy masalalarda, shu jumladan, chegaralar xavfsizligi va Xitoy bilan savdo masalasida pozitsiya borasida Trampning fikriga qo‘shiladi.
Vens 2016-yilgi saylovlardan avval Trampni tanqid qilgan, ammo 2018-yilda o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan va 2020-yilgi saylovda sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatlagan. Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Jey Di Vens “o‘zi qoyilmaqom ravishda kurashgan odamlari”ga alohida e’tibor ko‘rsatadi. Tramp ular orasida Pensilvaniya, Michigan, Viskonsin, Ogayo va Minnesota ishchilari va fermerlarini aytib o‘tdi.
Jey Di Vens 2016-yilda “Qishloq elegiyasi” memuarlari chop etilgach, tanilgan. U 2022-yilda senator bo‘lgan.
Mart oyi boshida AQSHning BMTdagi doimiy vakili va Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli Respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surish bo‘yicha prezidentlik poygasidan chiqib ketgan edi. Shu tariqa Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan yagona nomzodga aylandi.
Sharhlar