Olimlar: 2024-yil rekord darajada issiq yilga aylanishi mumkin
Iyul oyi 13 oylik harorat rekordlari seriyasiga yakun yasagan bo‘lsa-da, 2024-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yilga aylanishi mumkin. Bu haqda Yevrokomissiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi va Yevroittifoq tomonidan moliyalashtiriluvchi Copernicus iqlim o‘zgarishlari monitoring xizmati ma’lum qildi, deb yozadi DW.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy 1940-yildan buyon kuzatuvlar tarixida 2023-yil iyulidan keyingi ikkinchi eng iliq oy bo‘lgan. O‘tgan yil iyunidan 2024-yil iyuniga qadar har oy yilning shu davri uchun yangi harorat rekordini o‘rnatib kelgan.
Iyulda dunyo bo‘yicha o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 16,91 darajaga teng bo‘lgan, o‘tgan yil shu oydagi ko‘rsatkichdan 0,04 darajaga pastroq demakdir. “Biroq umumiy kontekst o‘zgargani yo‘q, bizning iqlimimiz isishda davom etmoqda”, — dedi Copernicus rahbari o‘rinbosari Samanta Byorjess. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlari 2023-yildan ancha avvalroq boshlangan bo‘lib, issiqxona gazlarining global ajralib chiqishi nol darajaga yetmagunicha davom etaveradi.
Yanvardan iyulgacha global haroratlar 1991—2020-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,7 darajaga balandroq bo‘lgan. 2024-yil o‘tgan yilgiga qaraganda issiqroq deb hisoblanmasligi uchun ushbu anomaliya shu yilning qolgan qismida ahamiyatli darajada pasayishi kerak. Shu sababli 2024-yil kuzatuvlar tarixida eng issiq yilga aylanishi ehtimoli tobora oshib bormoqda, deyiladi Cpernicus xabarida.
Sharhlar