Reuters: Putin vositachilar orqali AQSHga Ukrainadagi nizoni to‘xtatib qo‘yishni taklif qilgan, ammo muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan
AQSH Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nizoni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yish (muzlatib qo‘yish) maqsadida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini rad etdi, deb xabar beradi Reuters Rossiyadagi uchta manbasiga tayanib. Ular ikkala tomondan vositachilar o‘rtasida olib borilgan muhokamalardan xabardor bo‘lgan.
Muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlangani shuni ko‘rsatadiki, dunyoning eng yirik ikkita yadro mamlakati bir-biridan juda uzoqda turibdi, deb yozadi agentlik.
Shu bilan birga, nashrning Amerikadagi manbasi norasmiy muloqotlar haqidagi ma’lumotlarni rad etib, Vashington Kiyevning ishtirokisiz muzokaralar olib bormasligini aytdi.
Rossiyadagi manbalarga ko‘ra, 2023 yilda Putin omma oldida va vositachilar orqali, xususan, Moskvaning Yaqin Sharqdagi arab sheriklari yordamida Vashingtonga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligiga ishora qilgan.
Putin nizoni hozirgi chiziqlarda to‘xtatib qo‘yishni taklif qilgan va Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarining birortasini ham berishni istamagan, dedi agentlik suhbatdoshlari.
“Amerikaliklar bilan muloqotlar hech qanday natija bermadi”, — dedi 2023 yil oxiri — 2024 yil boshida bo‘lib o‘tgan muhokamalar borishidan xabardor bo‘lgan rossiyalik yuqori mansabli amaldor o‘z ismini anonim saqlagan holda.
Rossiyalik yana bir manba ma’lum qilishicha, amerikaliklar vositachilar orqali Moskvaga ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatishni Ukrainasiz muhokama qilmasliklarini bildirgan, shu sababli muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Kreml, Oq uy, Davlat departamenti va MRB ushbu ma’lumotlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.
Sharhlar