Reuters: Ukraina tunda Rossiyaning to‘rtta harbiy aerodromiga hujum qildi
Ukraina Rossiyaning to‘rtta harbiy aerodromini nishonga olib, hozirgacha eng yirik dron hujumini amalga oshirdi. Bu haqda chorshanba kuni tushdan keyin Ukraina harbiy xavfsizlik xizmatining ismi oshkor etilmagan manbasi Reuters agentligiga ma’lum qilgan.
Agentlik manbasining qo‘shimcha qilishicha, hujumdan maqsad Rossiyaning boshqariladigan bombali hujumlar uchun harbiy samolyotlardan foydalanish qobiliyatiga putur yetkazish bo‘lgan. Reuters bu da’voni mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ertalab Ukrainaning tungi reydida qo‘llanilgan rekord darajadagi 117 ta dron haqida xabar berdi. Rossiya harbiylari hujum nishoniga aylangan ob’ektlar nomini aytmadi.
Rossiya manbalarining tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, chorshanbaga o‘tar kechasi Nijniy Novgorod oblastidagi bitta va Voronej oblastidagi ikkita aerodromga hujum qilingan. Bu ikki oblast gubernatorlari dron hujumlarini faqat o‘zlari tasdiqlagan. Voronej oblastida, Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 37 ta, Nijniy Novgorod oblastida – 11 ta dron urib tushirilgan.
“Ukrainskaya pravda” nashri Ukraina xavfsizlik xizmatidagi (UXX) manbaga tayanib, to‘rtta aerodromga – Voronej, Borisoglebsk, Nijniy Novgorod oblastidagi Savasleyka va Kursk aerodromlariga hujum qilingani haqida yozadi.
“Biz yo‘q qilingan rus qiruvchi samolyotlari va omborlari aks etgan sun’iy yo‘ldosh suratlarini kutyapmiz. UXX rus harbiy mashinasining aviatsiya komponentini izchillik bilan zaiflashtirishda davom etmoqda. Hozircha samolyotlar dushmanga havoda ustunlik bermoqda, ammo biz bu “qushlar”ning qanotlarini kesishda davom etamiz”, – deydi nashr suhbatdoshi.
Sharhlar