Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarga chaqirgan Rim papasini tanqid qildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq oq bayroq ko‘tarishni mardlik deb atagan Rim papasi Fransiskning gaplariga munosabat bildirdi, deb yozadi “Kommersant”. Zelenskiyning fikricha, pontifik “virtual vositachilik” bilan shug‘ullanmoqda.
“Armiya tomonida, mudofaa kuchlari tomonida bo‘lgan har bitta ukrainalik kapellen (ruhoniy)ga minnatdorlik bildiraman. Ular old frontda hayotni va insoniyatni himoya qilmoqda. Duolari, gaplari, ishlari bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Mana cherkov qanaqa bo‘lishi kerak — odamlar bilan bo‘lishi kerak. Ikki yarmin ming kilometr uzoqlikda turib olib, virtual vositachilik bilan shug‘ullanishi kerak emas”, — dedi Zelenskiy o‘z videomurojaatida.
Ukraina prezidenti Rim papasini tilga olmadi. Ammo nashrlar uning gaplari pontifikka qaratilganini yozmoqda. U 2,5 ming km masofadagi cherkov haqida gapirmoqda — Vatikan Kiyevdan taxminan 2,4 ming km uzoqlikda joylashgan.
Rim papasi Shveysariyaning RSI teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida “vaziyatni ko‘ra bilgan, o‘z xalqi haqida o‘ylagan, oq bayroq ko‘tarishga jur’at qilib, muzokaralar olib borgan odam eng kuchli bo‘lishi”ni aytgandi. Uning fikricha, mamlakat “mag‘lubiyatga uchrayotgani”ni ko‘rganidan keyin, mardlik qilib muzokaralar olib borishi kerak. Vatikan matbuot kotibi Matteo Bruni qayd etishicha, Fransisk “oq bayroq” iborasini ishlatishiga sabab shundaki, savol berishda shu ibora qo‘llangan. Pontifikning vakiliga ko‘ra, u “oq bayroq” deganda “jangovar harakatlarning to‘xtatilishi va muzokaralar orqali yarashuvga erishish”ni nazarda tutgan.
Sharhlar