Italiyalik modelyer Roberto Kavalli vafot etdi
Florensiyada italiyalik modelyer Roberto Kavalli vafot etdi, deb xabar bermoqda “Kommersant”. U 83 yoshda edi. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, u uzoq vaqtlardan buyon xasta bo‘lgan.
Roberto Kavalli 1940-yil 15-sentabrda Florensiyada tug‘ilgan. 1957-yilda San’at akademiyasiga o‘qishga kirib, interyerni bezash bo‘yicha tahsil olgan, ammo diplomni qo‘lga kiritolmagan. Keyinchalik u bo‘yoqlar va matolarga muhr tushirish bilan tajribalar olib borgan, trikotaj matoga tushirilgan gulli naqshlar seriyasini yaratgan.
1970-yillarda Roberto Kavalli o‘zining Roberto Cavalli kiyimlar brendini yaratgan. Bu paytga kelib, u charm matoga naqsh tushirish jarayonini patentlashga ulgurgan, u charm buyumlarni olti xil rangga bo‘yash imkonini bergan, shuningdek, u quroq texnikasi asosida kiyimlar to‘plamini yaratdi. Modelyerning ilk modalar namoyishi 1972-yilda Palattso Pittida bo‘lib o‘tdi. O‘sha yiliyoq u Sen-Tropeda birinchi butigini ochdi.
1998-yilda kutyurye yoshlarga mo‘ljallangan Just Cavalli erkaklar va ayollar kiyimlari liniyasini ishga tushirdi. 2002-yilda Kavalli Fashion Group International talqini bo‘yicha yil dizayneri deb tan olindi. Bugungi kunda Roberto Cavalli brendi 50 dan ortiq mamlakatlarda taqdim etilgan.
Sharhlar