Rossiya “Krokus”dagi teraktga tayyorgarlik ko‘rilayotganini 15-fevraldayoq bilgan — Ukraina harbiy razvedkasi rahbari
Rossiya maxsus xizmatlari “Krokus Siti Xoll” konsert zalida uyushtirish uchun terakt tayyorlanayotganini oldindan bilgan, deya da’vo qilmoqda Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi (RBB) boshlig‘i Kirill Budanov.
“Kamida 2024-yil 15-fevral kuni Rossiya tayyorgarlikdan xabardor bo‘lgan. Sizga yanada ko‘proq narsani aytaman, bu axborot guruhning Suriyadagi razvedka boshqarmasi orqali o‘tgan. Ana o‘sha yerdan u Moskvaga ketgan. Bularning barchasi g‘alati tarzda yo‘q joydan amalga oshirilgani haqida ertaklar aytishmasin”, — dedi Budanov strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha uchinchi xalqaro forumda nutq so‘zlar ekan.
RBB boshlig‘i so‘zlariga ko‘ra, Kremldagilar Rossiyaga jangarilar qayerdan va qaysi ikki mamlakat orqali kirib kelishini bilgan. “Ular buning sodir bo‘lishiga nima uchun yo‘l qo‘yib bergani borasida bir nechta variantlar bor. Birinchidan, bu ularda qabul qilinganidek, bir qancha mansabdorlarni ishdan olish uchun “minoralar” jangi. Ikkinchidan, ular yuz beradigan hodisa ko‘lamiga yetarlicha baho bermagan. Bu mahalliy ko‘lamda bo‘ladi deb o‘ylashgan va hamma narsa Ukrainani ayblamoqchi bo‘lishgan”, — dedi Budanov.
Kreml teraktdan qidirayotgan “Ukraina izi” haqida gapirar ekan, u Rossiya hukumati “Krokus”da sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha o‘z talqinini uch marta o‘zgartirganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Podmoskovyedagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida 22-mart kuni kechqurun terakt yuz berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 143 kishi halok bo‘lib, 360 kishi jabrlangan.
Terakt uchun mas’uliyatni ISHIDning “Viloyat Xuroson” yacheykasi o‘z zimmasiga oldi, ammo Rossiya hukumati uning ortida Ukraina turganini da’vo qilmoqda.
Sharhlar