Rossiya butun dunyo bo‘ylab STG tashish uchun xufiya flot yaratishni boshladi — Bloomberg
Ukraina bilan keng miqyosli urush boshlanganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi neftni narx chegarasiga rioya qilmaydigan xaridorlarga tashish uchun xufiya flotni yaratdi. Moskva suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ham sotishni rejalashtirayotgani haqida dalillar ortib bormoqda, deb yozadi Bloomberg.
Equasis global yuk tashish ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida kamida sakkizta kema Dubaydagi unchalik taniqli bo‘lmagan firmalar mulkiga o‘tgan. Ulardan 4 tasi – North Air, North Mountain, North Sky va North Way – bu yozda Shimoliy dengiz yo‘li (ShDY) suvlarida suzish uchun Moskvadan ruxsat olgan muz sinfidagi tankerlar.
Bloomberg bu kemalarni Rossiyaning yirik tuzilmalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lay olmadi, ammo tafsilotlar xufiya neft flotini yaratish bo‘yicha harakatlarga juda o‘xshaydi, deydi nashr.
Amerika Arktika Instituti asoschisi Malte Gumpertning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta belgilar Kremlning xufiya flotini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlariga ishora qiladi, jumladan, muz sinfidagi kemalarni Dubay kompaniyasiga berish, eski kemalarni sotib olish va ShDY bo‘ylab rekord miqdorda ruxsatnomalarning berilishi.
Noma’lum firmaning yuzlab million dollarga tushadigan ixtisoslashgan kemalarni sotib olishi STG sohasida g‘ayrioddiy hisoblanadi. Bundan tashqari, kamida 3 ta tanker Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotlar bazasida “noma’lum” sifatida ro‘yxatga kiritilgan – bu “xufiya flot” ning yana bir belgisidir, – deya ta’kidlaydi Bloomberg.
Sharhlar