Rossiya Davlat dumasi har qanday xorijiy tashkilotni “nomaqbul” deb tan olish imkonini beradigan qonunni qabul qildi

Фото: duma.gov.ru

Davlat Dumasi uchinchi va oxirgi o‘qishda qonun hujjatlariga Rossiyadagi tashkilotlar faoliyatini “nomaqbul” deb tan olish imkoniyatlarini kengaytiruvchi tuzatishlarni ma’qulladi.

Yangi tahrirga ko‘ra, har qanday xorijiy tashkilotning, shu jumladan xorijiy davlatning davlat organlari tomonidan tashkil etilgan tashkilotning ishi shu tarzda e’lon qilinishi mumkin. Oldingi tahrirda faqat nodavlat tashkilotning faoliyati “nomaqbul” deb e’lon qilinishi mumkin edi.

Oldinroq Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin mezonlarni kengaytirish zarurligini G’arb davlatlarining davlat idoralari tomonidan tuzilgan tashkilotlar Rossiyaga qarshi, uning xavfsizligiga tahdid solayotgan maqsadli faoliyat olib borishi bilan izohlagan edi, deb yozadi “RIA Novosti” uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda.

Rossiya Federatsiyasida “nomaqbul” tashkilotlarni moliyalashtirganlik uchun 10 yilgacha muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilish bilan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida takroriy ishtirok etganlik uchun esa – 300 dan 500 ming rublgacha jarima va to‘rt yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi. “Nomaqbul” tashkilot faoliyatini tashkil qilgani uchun – olti yilga qamoq jazosi.

Ayni paytda “nomaqbul” tashkilotlar ro‘yxatiga 178 ta tashkilot, jumladan, ommaviy axborot vositalari, ta’lim, inson huquqlari va tadqiqot loyihalari kiritilgan.

Ro‘yxat oxirgi marta iyul oyi boshida to‘ldirilgan, The Moscow Times va Karnegi jamg‘armasi (ikkalasi ham “xorijiy agentlar” reyestrida) faoliyati “nomaqbul” deb topildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.