Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi Instagram va Facebookda reklamani taqiqlamoqchi
Rossiya Davlat Dumasiga mamlakatda “ekstremistik” va “nomaqbul” deb eʼlon qilingan tashkilotlarning resurslari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida bloklangan saytlar va manbalarda reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonun loyihasi kiritildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Tegishli hujjat 21-iyun kuni Davlat Dumasining qonunchilik faoliyati ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi.
Bir guruh deputatlar va senatorlar, jumladan, Andrey Lugovoy, Aleksandr Xinshteyn va Andrey Klishas taklifni “noqonuniy axborot resurslari” reklamadan daromad olishda davom etayotgani va “provokatsion faoliyat va Rossiya manfaatlariga qarshi dushmanona harakatlar olib borishi” bilan izohlagan.
“Masalan, baʼzi rossiyalik foydalanuvchilar internetga kirish cheklovlarini chetlab oʻtish uchun turli texnologiyalardan foydalangan holda Instagram va Facebook axborot resurslaridan foydalanishda davom etmoqdalar, bu esa bunday noqonuniy axborot resurslari egalariga reklama tarqatishdan daromad olish imkoniyatini yaratadi. Bu umumiy daromadning 50 dan 90% gacha bo’lishi mumkin “, – deyiladi qonun loyihasining tushuntirish xatida.
2024-yil mart oyida prezident Vladimir Putin “xorijiy agentlar” resurslarida reklama qilishni taqiqlovchi qonunni imzolagan. Qonunchilar taklif qilinayotgan yangi taqiqni “izchil qonuniy qadam” deb atashgan.
Rossiyada Facebook va Instagramga kirish 2022-yil martida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay bloklangan edi. Moskvaning Tverskoy tuman sudi Meta kompaniyasini “ekstremistik tashkilot” deb topgan va unga tegishli ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan.
Sharhlar