Yevroittifoq Rossiya gazidan to‘liq voz kechishga tayyor
Yevropa ittifoqi ayni paytda Rossiyadan uning Ukrainaga istilosi boshlanishidan avvalgiga nisbatan uch marta kam gaz import qilmoqda va hamon undan butunlay voz kechish niyatida. Bu haqda energetika bo‘yicha yevrokomissar Kadri Simson ma’lum qildi, deb yozadi DW.
“Biz ilgari Rossiyadan yiliga 150 milliard kubometr gaz import qilardik, hozir esa — 50 milliarddan kam. Bizning Rossiyaga bog‘liqligimiz 2021-yildagi 45 foizdan 15 foizgacha pasaydi”, — dedi Simson.
“Biz ham Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechishni yakunlashning to‘liq tarafdorimiz, buni esa Yevropaga energetika yetkazib berishlarni xavf ostiga qo‘ymasdan turib amalga oshirish mumkin”, — dedi yevrokomissar. Birinchi qadam sifatida u Ukraina orqali gaz tranziti haqidagi bitimning amal qilishini to‘xtatishni tilga oldi. “Biz buni bir necha oylardan buyon qilib kelmoqdamiz. Biz tayyorgarlikni ikki yil avval boshlaganmiz. Yevroittifoq Ukraina tranzit yo‘nalishi orqali yetib kelayotgan Rossiya gazisiz yashashga tayyor”, — deya ta’kidladi Kadri Simson.
Qish arafasida — 19-avgustdayoq Yevroittifoq gaz omborlari 90 foizga to‘lib bo‘lgan, dedi yevrokomissar.
Sharhlar