Rossiya mudofaa vazirligi Kursk oblastida 10 ta qishloq egallanganini ma’lum qildi
Rossiya mudofaa vazirligi ikki kun davomida Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga qarshi qarshi hujum natijasida “10 ta aholi punkti ozod qilinganini” ta’kidlamoqda. Bular Apanasovka, Byaxovo, Vishnevka, Viktorovka, Vnezapnoye, Gordeyevka, Krasnooktyabrskoye, Obuxovka, Snagost va “10-Oktyabr”.
Bundan tashqari, hisobotga ko‘ra, Fanaseyevka va Snagost aholi punktlari yo‘nalishida “raqibning ikki marta qarshi hujumi qaytarilgan”, shuningdek, Olgovka yo‘nalishida “hujum qilish urinishi barbod etilgan”.
10-sentyabr kuni Rossiya va Ukraina telegram kanallari avgust boshida Ukraina qurolli kuchlari bostirib kirgan Kursk oblastida Rossiya harbiylarining hujumi haqida xabar bera boshladi.
Xususan, “Deep State” loyihasi Rossiya harbiylari “avval Seym daryosi, keyin esa kichikroq daryolar orqali zirhli texnikani o‘tkazib, faol hujum harakatlarini boshlaganini” ma’lum qilgan.
Amerikalik harbiy ekspert Rob Li ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina tomonidan ko‘priklarga zarbalar berilishiga qaramay, Rossiya o‘z zirhli kuchlarini Seym daryosidan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiyaning harbiy telegram kanallari Rossiya armiyasi sharq tomon tez sur’atlarda ilgarilayotganini va natijada Kursk oblastining Korenevskiy tumanidagi bir nechta aholi punktlarini ozod qilishga erishganini ta’kidladi.
Sharhlar