Putin Rossiyaning NATO bilan jang qilish niyati yo‘qligini bildirdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya, go‘yoki, NATO bilan jang qilmoqchiligi haqidagi xavotirlarni “uydirma” deb atadi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda AQSHning harbiy xarajatlari 811 milliard dollarni, Rossiyaniki esa 72 milliardni tashkil qilgan. “Nima, biz mana bu nisbatni ko‘zda tutgan holda NATO bilan jang qilmoqchimizmi? Bu shunchaki bo‘lmagan gap”, — dedi Putin Rossiya G‘arb mamlakatlariga nisbatan tahdid solayotgani haqidagi gaplarni safsata deb atar ekan.
“Biz Ukrainadan keyin Yevropaga hujum qilishimiz haqida aytilayotgan gaplar — butunlay safsata, o‘z aholisidan pul shilish uchun ularni qo‘rqitishdan boshqa narsa emas”, — dedi Putin. U Rossiyaning Yevropa davlatlariga nisbatan tajovuzkor niyatlari yo‘qligini ta’kidladi.
NATO Rossiya hujumiga uchrashi mumkinligi haqidagi da’volar anchadan buyon yangramoqda. Xususan, yaqinda Polsha prezidenti Anjey Duda CNBC kanaliga bergan intervyusida Rossiya 2026-yildayoq NATOga hujum qilishi mumkinligini, bu haqda u germaniyalik ekspertlar tomonidan tayyorlangan ma’ruzalardan birida o‘qiganini aytgandi.
Sharhlar