Rossiya o‘zining yadroviy doktrinasini o‘zgartirishi mumkin

Фото: РБК

Davlat Dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolovning aytishicha, agar tahdidlar kuchaysa, Rossiya o‘zining yadroviy doktrinasini o‘zgartirishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, yadro qurolidan foydalanish shartlarini o‘zgartirishga olib keladi, deya taxmin qiladi Kartapolov.

“Doktrina mamlakatimiz atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga munosabatimizni aks ettiradi. Agar biz tahdidlar kuchayib borayotganini ko‘rsak, bu yadro qurolini qo‘llash vaqti va undan foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qilish bo‘yicha unda biror narsani tuzatishimiz mumkinligini anglatadi. Lekin, albatta, bu haqda gapirishga hali erta”, – deydi Kartapolov “RIA Novosti”ga.

20-iyun kuni prezident Vladimir Putin rasmiylar yadroviy doktrinadagi ehtimoliy o‘zgarishlarni muhokama qilayotganini bildirgandi, chunki “potentsial raqib bu borada yadro qurolidan foydalanish chegarasini pasaytirish bilan bog‘liq yangi elementlar ustida ishlamoqda” dedi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari hozirda “o‘ta kam quvvatli portlovchi yadroviy qurilmalar”ni ishlab chiqmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.