Rossiya sudi jurnalist Evan Gershkovichni josuslik ishi bo‘yicha 16 yilga koloniyaga hukm qildi
Sverdlovsk oblasti sudi The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovichni josuslikda ayblab hukm qildi. Prokuror jurnalistga 18 yil qamoq jazosini so‘ragan.
Ish bo‘yicha sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tgan hamda 26-iyun va 18-iyul kunlari o‘tkazilgan ikki majlis bilan yakunlangan. Gershkovichning o‘zi aybini tan olmadi.
Jurnalist 2023-yil martida Yekaterinburgda hibsga olingan, aprel oyidan beri esa Moskvadagi Lefortovo tergov izolyatorida saqlanmoqda. Ayblovga ko‘ra, Gershkovich Markaziy razvedka boshqarmasi ko‘rsatmasi bilan harbiy texnika ishlab chiqaradigan va ta’mirlovchi “NPK Uralvagonzavod” OAJ mudofaa korxonasi faoliyati haqida maxfiy ma’lumotlar to‘plagan.
Butun dunyo jurnalistlari Gershkovichning ozod etilishini bir necha bor talab qilishgan va AQSh rasmiylari uning vataniga qaytishi uchun harakat qilishda davom etishlarini bildirgan. 17 iyul kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Gershkovichni almashish masalasi maxsus xizmatlar darajasida muhokama qilinayotganini tasdiqladi.
Sharhlar