Rossiya Ukrainaga dronlar bilan hujum qildi. Odessada uch kishi halok bo‘ldi, Dneprda ko‘p qavatli uy zarar ko‘rdi

Фото: Nv.ua

23-fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga dronlar bilan zarba berdi. Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga jami 31 ta uchuvchisiz uchar qurilma jalb qilingan, shularning 23 tasi Odessa, Nikolayev, Poltava, Dnepropetrovsk va Xarkov viloyatlari osmonida havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan.

Bundan tashqari, ukrainalik harbiylarga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatining bosib olingan hududida turib, S-300 tizimidan uchta raketa, shuningdek, Qora dengiz akvatoriyasidan X-31P radiolokatsiyaga qarshi raketasi va ikkita X-22 qanotli raketani uchirgan.

Odessada Qora dengiz ustida urib tushirilgan dronlardan biri qirg‘oqda joylashgan korxona hududiga kelib tushgan, oqibatda yong‘in va vayronagarchilik kuzatilgan. Uch nafar xodim halok bo‘lgan. Odessa viloyatiga hujumda ham raketalardan foydalanilgan.

Dneprda uchar qurilma ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib tushgan. Sakkiz kishi jabrlangan. Qutqaruvchilar vayronalarni ko‘zdan kechirmoqda, u yerlarda odamlar bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Dneprda dronlar hujumi natijasida korxonalardan biriga zarar yetgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.