Rossiya va AQSh fuqarosi bo‘lgan ayol Ukraina xayriya fondiga qilgan ehsoni uchun 12 yilga hukm qilindi
Sverdlovsk oblasti sudi Rossiya va AQSh fuqarosi hisoblangan Kseniya Xavanani (Karelina) “Razom for Ukraine” xayriya jamg‘armasiga 51,8 dollar o‘tkazgani uchun davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topdi, deya xabar beradi DW.
Xavana bu summani 2022-yil-24 fevralda AQShdagi bank hisobvarag‘idan o‘tkazgan.
Ish yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqildi va sud Xavanani 12 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi, keyin 1 yil 6 oyga ozodlikni cheklash, shuningdek, 300 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi.
“Razom for Ukraine” jamg‘armasi 2014-yildan buyon Ukrainada turli loyihalarni qo‘llab-quvvatlab keladi, jumladan, oilalarga gumanitar yordam ko‘rsatish va harbiylarga birinchi yordam to‘plamlari yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
2015-yildan beri AQShda yashab, 2021-yilda Amerika fuqaroligini olgan Xavana joriy yilning fevral oyida Rossiyaga qarindoshlari bilan uchrashish uchun kelganida FXX tomonidan qo‘lga olingan edi.
Sharhlar