Rossiya Zelenskiyni o‘ldirishni rejalashtirmayotgani ma’lum qilindi
Rossiya Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni o‘ldirishni rejalashtirmayapti, deya ma’lum qildi Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy. U shu tariqa Ukraina prezidenti Odessaga borgan vaqtida u yerga zarba berilgani haqidagi bayonotga munosabat bildirdi, deb yozadi “Kommersant”.
“Odessadagi voqea yuzasidan qiziqqonlik bilan gapirayotganlarni o‘ziga oddiy savol berib ko‘rishga chaqiraman. Nahotki biz Zelenskiyning kortejini haqiqatan ham nishonga olganimizda, unga tekkiza olmagan bo‘lardik, deb o‘ylaysizmi?… Agar kimdir yuragining tub-tubida Kiyev rejimi rahbaridan shu yo‘l bilan qutulishga umid qilayotgan bo‘lsa, hafsalangizni pir qilishim mumkin: bizning bunday rejalarimiz yo‘q”, — dedi Polyanskiy BMT Xavfsizlik kengashi majlisida. Uning ta’kidlashicha, Rossiya dengiz dronlarini ishlab chiqarish sexini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan, u bu nishonni Ukraina prezidentidan “ancha muhimroq” deb atadi.
Zelenskiy avvalroq 6-mart kuni Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan Odessadagi portidagi uchrashuvi chog‘ida shaharga havodan zarba berilganini aytgan edi. Rossiya armiyasi 6-mart kuni, mamlakat Mudofaa vazirligi da’vo qilishicha, Odessaning port hududidagi “Ukraina qurolli kuchlari ekipajsiz katerlarini jangovar maqsadlarda qo‘llash jarayoniga tayyorgarlik olib borilayotgan” angarga zarba bergan.
Sharhlar