Rossiyada 8-9 sinf o‘quvchilari uchun dronlar bo‘yicha darslik chiqarildi
“Просвещение” nashriyoti dron ishlab chiqaruvchi “Geoskan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Mehnat (texnologiya)” fani doirasida “Robototexnika” maktab moduli uchun dronlar bo‘yicha birinchi o‘quv qo‘llanmasini nashr etdi.
Kurs 8-9 sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u uchuvchisiz aviatsiya asoslari bilan tanishish imkonini beradi.
34 soatga mo‘ljallangan o‘quv materiali olti bobdan iborat:
- Pilotsiz aviatsiyaga umumiy kirish;
- Dronlarning tasnifi va tuzilishi;
- Uchuvchisiz havo kemalarining elektron komponenti;
- Qo‘lda uchirish asoslari;
- Avtonom parvozlarni dasturlash;
- Dronlar dunyosidagi tendentsiyalar va kasblar.
Maktab dasturiga dronlar bo‘yicha alohida modulni kiritish Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Rossiya maktablarida dron texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha kuchaytirilgan sa’y-harakatlarning bir qismiga aylandi.
2023-yil avgustida dronlardan foydalanish asoslarini o‘rganish 10-11 sinflar uchun boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik dasturiga kiritilgan edi. “Texnik tayyorgarlik va aloqa asoslari” moduli doirasida o‘quvchilar dronlardan jangovar foydalanish usullarini, ular yordamida hududni razvedka qilishni, shuningdek, dushman dronlariga qarshi kurashish algoritmlarini o‘rganadi. Bundan tashqari, o‘quvchilar dron apparatlarini boshqarishning amaliy ko‘nikmalarini egallashlari kerak, deya xabar beradi Rossiya Federatsiyasi Maorif vazirligi matbuot xizmati.
Sharhlar