Rossiyada koronavirusning yangi FLiRT varianti aniqlandi
Rossiyada koronavirusning yangi FLiRT varianti bilan kasallanish bo‘yicha 178 ta holat aniqlandi, deb yozadi “RBK” “Rospotrebnadzor”ga tayanib.
“Butun monitoring davrida yangi FLiRT variantlari, shu jumladan, KP.2, KP.1.1, KS.1 variantlari bilan kasallanish bo‘yicha 178 ta holat qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
Idorada qayd etishlaricha, koronavirusning aniqlangan yangi variantlari uning boshqa turlariga nisbatan xavfliroq emas.
Avvalroq olimlar FLiRT shtammi tufayli, yozda COVID-19 bilan kasallanish avj olishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, FLiRT shtammlari Yevropaning 14 ta mamlakati va Isroilda aniqlangan. Olimlar fikricha, ushbu shtammlar kasalxonaga yotqizish yoki kasallikning og‘ir kechishiga olib kelmaydi.
FLiRT’ga xos simptomlar koronavirus uchun standartdir. Bu isitma, yo‘tal, burun bitishi yoki oqishi, tomoq og‘rishi, ta’m yoki hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi.
Sharhlar