Rossiyada maktab o‘quvchisi bolg‘a bilan sinfdoshlariga hujum qildi: jabrlanganlar bor
Irkutsk oblasti Balagansk qishlog‘idagi maktablardan birida 8-sinf o‘quvchisi o‘z sinfdoshlariga bolg‘a bilan hujum qildi, deya xabar beradi mahalliy OAV.
Hujum tanaffus paytida kiyinish xonasida, o‘quvchilar jismoniy tarbiya darsiga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hujumchini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Uch kishi jabrlangan, biroq ularning hayoti xavf ostida emas.
Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan. RF JKning 105-moddasi 2-qism, “a, v” bandi, 30-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyat asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasi xabar beradi.
“Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatildi, ularning hayoti va sog‘lig‘iga hech qanday xavf yo‘q. Huquq-tartibot idoralari hujum qilgan voyaga yetmagan shaxs bilan ishlamoqda”, — deyiladi Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Irkutsk oblasti bo‘yicha tergov boshqarmasi bayonotida.
Irkutsk oblasti bolalar ombudsmeni Tatyana Afanaseva maktab o‘quvchilari olgan jarohatlar “arzimas” ekanligini aytgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan bola “profilaktik ro‘yxatga olinmagan, unda hech qanday muammo bo‘lmagan, u to‘liq oilada tarbiyalangan”.
.
Sharhlar