AQSH Rossiyaning Donbassdagi taktik yutuqlari va Xarkovga hujumi haqida ma’lum qildi
AQSH yordami ko‘p oylarga kechikishi oqibatida Rossiya Ukrainadan ustunlikka erishdi, deya ma’lum qildi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashida strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Jon Kirbi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “Ukraina sharqida, ayniqsa Donbassda taktik muvaffaqiyatlarga erishgan”.
“Avval ham aytganimizdek, Kongress tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirish qabul qilinishining ko‘p oylarga kechikishi Rossiyaga ustunlik berdi, Ukraina tashabbusni o‘z qo‘liga qaytarib olishi uchun vaqt kerak bo‘ladi”, — dedi Kirbi brifingda.
Oq uy vakili, shuningdek, ukrainalik harbiylarning Rossiya Xarkov viloyatiga hujum boshlagani haqidagi axborotini tasdiqladi. Rossiya Mudofaa vazirligi bu haqda xabar bermagandi. Amerika hukumati Kiyevga hujumga tayyorlanishda yordam berish uchun u bilan muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi. Vashington Moskva “Xarkovda olg‘a siljishga urinib ko‘rishini” va “Rossiya ehtimol yaqin haftalarda keyingi qadamlarni qo‘yishini” kutmoqda.
Oq uy fikricha, Amerika ko‘magi Ukrainaga Rossiyaga qarshi turishda yordam beradi. Kirbining so‘zlariga ko‘ra, yordam paketi ma’qullangach, Kiyev allaqachon artilleriya snaryadlarini, tankka qarshi majmualar uchun raketalarni hamda ATACMS uzoq masofali raketalarini qo‘lga kiritgan.
Sharhlar