Rossiyaning Xarkov oblasti shimoli-sharqida yangi front ochishga bo‘lgan urinishi “boshi berk ko‘cha”ga kirdi — Bloomberg
Rossiya harbiylarining Xarkov oblastidagi hujumi Putinning chegarada bufer zona yaratish haqidagi maqsadiga yetmasdan, boshi berk ko‘chaga kirgan ko‘rinadi, deb yozadi Bloomberg. Shu bilan birga, Ukraina tomoni ta’kidlaganidek, Ukraina qurolli kuchlari Xarkov oblastining Volchansk shahri yaqinidagi janglarda rus qo‘shinlariga “juda katta talofatlar” yetkazgan.
Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlari fevral oyida Avdeyevka qo‘lga kiritilganidan keyin “katta yo‘qotishlar” evaziga “arzimas” darajada oldinga siljigan. Oxirgi bir necha hafta ichida ular Donetsk oblastining sharqidagi strategik ahamiyatga ega Chasov Yar shahrini egallashga harakat qilishgan.
Bu Putin uchun tobora jiddiy muammoga aylanib bormoqda – uning armiyasining ustunligi zaiflasha boshladi, – deyiladi maqolada.
Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Kievga milliardlab dollarlik yangi qurollar berishini e’lon qilgach, “Rossiya yorib o‘tishi uchun darcha toraya boshladi”, deydi jurnalistlar. Biroq Rossiya qurolli kuchlari Ukraina shaharlarini raketa va dronlardan o‘qqa tutib, energetika infratuzilmasini vayron qilishda davom etmoqda.
Shu bilan birga, qurol-yarog‘ va yordam yetkazib berish qayta tiklangani sababli bu yil Rossiyaning g‘alaba qozonish istiqbollari “sezilarli darajada pasayib ketdi”, deydi Londonda joylashgan Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi Ben Barri.
“Rossiya ko‘p askarga ega bo‘lishi mumkin, biroq ularning ko‘plab zo‘r zirhli texnikasi yo‘q qilingan va armiyani 2022-yil darajasiga yetkazish uchun yillar kerak bo‘ladi”, – deydi u.
Sharhlar