Isroil HAMAS bilan muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘ldi
Qatar, Misr va AQSH Isroil va HAMAS guruhini G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik asirlarni ozod etish haqidagi muzokaralarni qayta boshlashga chaqirdi, deb yozadi “Kommersant”. Bunga javoban, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ofisi Isroil delegatsiyasi sulh haqidagi muzokaralarda 15-avgust kuni jo‘nab ketishini ma’lum qildi.
Vositachilar tomonlarni may oxirida AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan taklif qilingan reja asosida bitim tuzishga da’vat etmoqda. Ushbu reja jangovar haralatlarni to‘xtatish, asirlarni ozod etish, Isroil kuchlarini G‘azodan olib ketish va anklavni urushdan keyin qayta tiklashni ko‘zda tutadi.
“AQSH va vositachilar taklifiga muvofiq, 15-avgust kuni Isroil bitim tafsilotlarini uzil-kesil kelishib olish va uni amalga oshirish uchun muzokarachilar delegatsiyasini tegishli joyga yuboradi”, — deyiladi Isroil bosh vaziri kanselyariyasi xabarida.
Asirlarni ozod qilish evaziga G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish haqida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar bir oydan ortiq to‘xtab qolganidan keyin iyulda qayta tiklangan edi. O‘shanda Doha va Qohirada bir qator uchrashuvlar o‘tkazilgan, ammo ular samarasiz bo‘lgan edi.
Sharhlar