“Russkiye na voyne” (“Ruslar urushda”) hujjatli filmi Toronto festivalida namoyish etiladigan bo‘ldi
TIFF xalqaro kinofestivali tashkilotchilari 17-sentyabr, seshanba kuni rossiyalik-kanadalik rejissyor Anastasiya Trofimovaning Ukrainadagi urushda qatnashayotgan rossiyalik askarlar haqidagi filmini namoyish etadi.
Film namoyishi “festival faoliyati va jamoat xavfsizligiga tahdid” tufayli o‘tgan hafta bekor qilingandi. Ushbu kartina Kanadada Ukraina rasmiylari va faollarining noroziliklariga sabab bo‘ldi. Kanada politsiyasiga ko‘ra, TIFF rahbariyati politsiyaning tavsiyalarini inobatga olmay, filmni namoyish etishga qaror qilgan. Ko‘rish uchun chiptalarni 15-sentyabr kuni kechqurundan boshlab sotib olish mumkin.
“Russkiye na voyne” (“Ruslar urushda”) – birinchi shaxs nomidan suratga olingan hujjatli film. Trofimovaning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainada rossiyalik harbiylar safida yetti oy bo‘lgan. “Bu yigitlar qay darajada oddiy ekani men uchun kutilmagan holat bo‘ldi”, – deydi rejissyor.
Trofimovaning oldingi ishlarining aksariyati Yaqin Sharqqa bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘plab filmlar Russia Today targ‘ibot telekanali tomonidan prodyuverlik qilingan. Ukraina Davlat kino agentligi “Russkiye na voyne” (“Ruslar urushda”) filmini “jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish uchun xavfli vosita” va “tajovuzkorlarni qurbon sifatida ko‘rsatishga urinish” deb atadi.
Sharhlar