Putin: yangi safarbarlik rejalashtirilmayapti, bunga zarurat yo‘q
Rossiya hukumati yangi safarbarlik e’lon qilishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Peterburg iqtisodiy forumi yalpi sessiyasida ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya Ukrainadagi maqsadlariga maksimal darajada tez erishishni istasa, hozirgi kontingent yetarli emas. Biroq, dedi prezident, Rossiya armiyasi boshqacha taktika olib bormoqda, u ukraina armiyasini “siqib chiqarmoqda”.
“Agar biz buni maksimal darajada tez qilishni xohlasak, bizga amaldagi kontingent kamlik qiladi. Ammo biz, aytib o‘tganimdek, boshqacha taktika olib bormoqdamiz — bizning nazoratimiz ostiga o‘tishi kerak bo‘lgan hududlardan dushmanni siqib chiqarmoqdamiz. Bu ma’noda bizda safarbarlik o‘tkazish uchun zarurat yo‘q, biz buni rejalashtirmayapmiz”, — dedi Putin.
Uning aytishicha, 2023-yilda 300 mingdan ortiq odam, 2024-yil boshidan buyon esa 160 mingdan ziyod kishi Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar imzolagan.
Rossiya hukumati 2022-yil sentabrida safarbarlik o‘tkazilishi haqida e’lon qildi. Undan avvalroq esa Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada safarbarlik haqida gap bormayotganini da’vo qilgandi. Oktabr oxirida Putin safarbarlik yakunlanganini e’lon qildi, biroq tegishli farmonni imzolamadi.
Sharhlar