Meksika va Nikaragua Ukraina bo‘yicha sammitda qatnashishdan bosh tortdi
Meksika Ukrainadagi nizoni tartibga solish bo‘yicha Shveysariya sammitiga o‘z vakilini yuborishdan bosh tortdi, deb yozadi “Izvestiya” ushbu mamlakat elchixonasiga tayanib. Xuddi shunday qaror Nikaragua tomonidan ham qabul qilindi.
Meksikaning Rossiyadagi elchixonasi sammitga taklifnoma olganini tasdiqladi. “Mamlakatimiz tinchlik tarafdori, shuning uchun tez orada nizo tomonlarining ikkalasi ham qatnashadigan muzokaralarni o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘lishiga umid qilmoqdamiz”, — deya aniqlik kiritishdi diplomatik vakolatxonada.
Nikaragua Tashqi ishlar vazirligi nashrga ma’lum qilishicha, mamlakat “tinchlikka yo‘l topish maqsadiga ega bo‘lmagan ushbu siyosiy maynavozchilikda qatnashmagan va qatnashmaydi ham”. Muassasa fikricha, bo‘lg‘usi tadbirning maqsadi — “Rossiyaga navbatdagi ultimatumni ilgari surish”.
Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha konferensiya Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida 15—16-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ishtirok etishdan Xitoy rasman bosh tortgan, sabab sifatida Rossiya unda qatnashmayotganini keltirgan. Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ham bormaydi va o‘z o‘rniga elchisini yuboradi. Shuningdek, Argentina prezidenti Xavyer Miley ham sammitga borishdan bosh tortdi.
Sharhlar