Mask Trampning saylovoldi kampaniyasiga oyiga 45 mln dollardan xayriya qilmoqchi
Biznesmen Ilon Mask AQSH prezidenti lavozimiga nomzod Donald Trampning kampaniyasiga har oy 45 million dollardan ajratishni rejalashtirdi. Bu haqda Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib yozmoqda.
Mablag‘lar America PAC nomli siyosiy faollik bo‘yicha qo‘mitaga o‘tkaziladi. Bu tashkilot Trampning saylovoldi shtabiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador emas. Homiylar orasida, shuningdek, harbiy tuzilmalar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi Palantir Technologies hamta’sischisi Jo Lonsdeyl, AQSHning Kanadadagi sobiq elchisi Kelli Kraft va egizak Uinklvosslar ham bor.
Gazeta aniqlashicha, America PAC ikkilanuvchi shtatlarda saylovchilarni ro‘yxatga olish va muddatidan oldin ovoz berishga undash bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq Mask na Bayden va na Trampning saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirishni ko‘rib chiqmayotganini aytgandi.
May oyida Mask va Tramp ilgari bir-birini tanqid qilganiga qaramay, so‘nggi vaqtlarda Maskning tashabbusi bilan oyiga bir necha martalab qo‘ng‘iroqlashayotgani ma’lum bo‘lgandi. Trampga nisbatan suiqasddan keyin Mask uni qo‘llab-quvvatladi va Teodor Ruzvelt davrlaridan buyon AQSHda “bunchalik zo‘r nomzod” bo‘lmaganini aytdi.
Sharhlar