Semizlikni keltirib chiqaruvchi yangi omil aniqlandi
Yangi Zelandiyaning Otago universiteti olimlari tomonidan semizlikni keltirib chiqaruvchi yangi omil aniqladi. Buning uchun ular farqli yillarda AQSHda qariyb 2,9 ming nafar hamda Yevropada 20 ming nafardan ziyod ko‘ngilli ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari tahlil qildi.
Izlanish davomida yuqoridagi ilmiy tajriba qatnashchilarining vazn ko‘rsatkichlari va qondagi C vitamini konsentratsiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, semiz insonlar organizmda ushbu modda tanqisligi kuzatiladi. Ya’ni ortiqcha vaznga ega kishilarda C vitamini so‘rilishi va uning tanadan chiqarilishi tezlashadi. Natijada hujayralar yallig‘lanishiga olib keluvchi oksidlovchi stress jarayoni kuchayadi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, qandli diabetning 2-turi, jigarning alkogolsiz yog‘ bosishi kabi kasalliklar ham organizmda C vitamini darajasi pasayishi bilan tavsiflanadi.
Shularni inobatga olgan olimlar tanadagi C vitaminining minimal sutkalik dozasi kamida 45 mg bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi. Semiz insonlar organizmi esa har 10 kg ortiqcha vazn uchun qo‘shimcha 17-22 mg miqdorida bu darmondorini talab qiladi.
Mutaxassislar ushbu yangilik tegishli klinik sinovlarda ham tasdiqlangandan so‘ng tibbiy amaliyotga tatbiq etilishi mumkinligini ta’kidladi.
Sharhlar