Sentyabr oyida Xitoy va Rossiya birgalikda harbiy mashqlarni o‘tkazadi

Фото: report.az

Xitoy Mudofaa vazirligi joriy yilning sentyabr oyida Rossiya bilan “Shimol/O’zaro hamkorlik – 2024” deb nomlangan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini e’lon qildi.

Mashg‘ulotlarga har ikki davlat harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiyasi jalb etiladi. Manyovrlar Oxot dengizi va Yaponiya dengizida, shuningdek, ularning ustidagi havo bo‘shlig‘ida bo‘lib o‘tadi.

Xitoy Mudofaa vazirligiga ko‘ra, mashg‘ulotlardan maqsad “strategik hamkorlikni mustahkamlash va xavfsizlikka tahdidlarga birgalikda qarshi turishga tayyorlikni oshirish”dir.

Bundan oldin shunga o‘xshash mashqlar – “Shimoliy/O’zaro hamkorlik – 2023” – 2023-yil 20- iyuldan 23-iyulgacha Yaponiya dengizida o‘tkazilgandi. Shu yilning iyul oyida Rossiya harbiy kemalari Xitoyning janubiy qirg‘oqlarida o‘tkazilgan  “Dengiz hamkorligi 2024” qo‘shma mashg‘ulotlarida qatnashdi.

Xitoy va Rossiya so‘nggi yillarda o‘zaro do‘stlikni “chegarasiz” deb atagan holda yaqinlashishdi.

Xitoy Ukrainadagi mojaroda betaraflikni da’vo qiladi, biroq G’arb yetakchilari Pekinni Moskvani siyosiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlagani, jumladan, ikki maqsadli tovarlar savdosi uchun tanqid qilmoqda. Iyul oyida NATO yetakchilari Xitoyni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida “hal qiluvchi yordamchi” deb atagan deklaratsiyani e’lon qildi, Pekin esa NATOni “qarama-qarshilikni qo‘zg‘atishdan” ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.