Seul ko‘chalarida harbiy texnika kuzatildi
3-dekabr oqshomida Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda “harbiy favqulodda holat” e’lon qildi. U o‘z harakatlarini “Shimoliy Koreya tarafdori kuchlarni yo‘q qilish va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish” bilan izohladi.
Janubiy Koreya harbiy qo‘mondonligi mamlakatdagi barcha siyosiy faoliyatlar to‘xtatilganini e’lon qildi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va nashriyotlar ustidan nazoratni joriy etadi.
Demokratik partiya rahbari Li Chje Myon prezidentning harakatlarini konstitutsiyaga zid deb atadi, tarkibiga Yun Sok Yol ham kiruvchi hukmron partiya rahbari harbiy holat haqidagi qarorni “noto‘g‘ri” deb atadi.
Politsiya Milliy Assambleyaga (parlamentga) kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ydi. Hududga faqat xodimlar kirishi mumkin. Parlament yaqinida yuzga yaqin odam to‘plangan, politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lgani xabar qilinadi.
Seul ko‘chalarida harbiy texnikalar kuzatilgan, aftidan harbiy vertolyot Milliy assambleya ustidan uchib o‘tgan.
Associated Press agentligining ta’kidlashicha, Yun Sok Yol reytingi so‘nggi oylarda sezilarli darajada pasaygani uchun u harbiy holat e’lon qilgan. Noyabr oyi oxirida parlamentda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi muxolifatdagi Demokratik mehnat partiyasi hukumatning byudjet taklifini rad etib, davlat auditori va bosh prokurorga impichment e’lon qilishga qaror qilgan edi.
Sharhlar