Rossiya elchisi: Sevastopolga hujum amerikalik mutaxassislar ishtirokisiz amalga oshirila olmasdi
Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov fikricha, Vashington Sevastopolga Amerikada ishlab chiqarilgan ATACMS raketalari bilan amalga oshirilgan hujumni “bosdi-bosdi qilish”ga urinmoqda. Zarbalar amerikalik mutaxassislar ishtirokisiz berilgan bo‘lishi mumkin emas, dedi u va Qora dengiz ustida deyarli har kuni “dronlar aylanib yurgani”ga e’tibor qaratdi.
“Vashingtonning Rossiya fuqarolariga qarshi dahshatli jinoyatni bosdi-bosdi qilishga urinishlari jahlni chiqaradi. Amerikaliklar okean ortida o‘tirib olib, begunoh odamlar qoni va ko‘z yoshi uchun javobgarlikdan qochib keta olmaydi… Vashingtondagi siyosatchilar shuni aniq biladiki, ATACMS raketalaridagi kassetali o‘q-dorilar amerikalik mutaxassislar ishtirokisiz va AQSH razvedkasi ko‘magisiz uchirila olmaydi”, — deyiladi Antonovning izohida.
Rossiyalik diplomatning fikricha, Jo Bayden ma’muriyati “Kiyev rejimi jinoyatlarini namoyishkorona qo‘llab-quvvatlamoqda” va “xalqaro terrorizm tomoniga o‘tib olgan”. Uning fikricha, bularning barchasi “Amerikaning soxta insoniy tashqi siyosati o‘lgani”dan dalolat beradi.
Rossiya Mudofaa vazirligi da’vo qilishicha, Sevastopol 23-iyun kuni Amerikada ishlab chiqarilgan ATACMS uzoq masofali raketalari bilan hujumga uchragan. To‘rtta snaryad urib tushirilgan, bittasi havo hujumiga qarshi mudofaa vositalari ta’sirida trayektoriyadan og‘gan, uning jangovar qismi esa shahar ustida portlagan. Kassetali o‘q-dorilar odamlar dam olayotgan plyajga kelib tushgan. To‘rt kishi halok bo‘lib, 151 kishi jabrlangan. Pentagon ushbu ma’lumot yuzasidan izoh bergani yo‘q.
Sharhlar