Shimoliy Koreya Rossiyaga qo‘shin yuborganini rad etdi
Shimoliy Koreya Ukraina bilan mojaroda Moskvani qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyaga qo‘shin yuborgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Dushanba kuni Shimoliy Koreyaning BMTdagi vakili Seulning bayonotlarini “asossiz mish-mishlar” deb atadi.
Avvalroq Janubiy Koreya razvedkasi Pxenyan Rossiyaga yordam berish uchun katta harbiy guruh yuborgani, 1500 nafar maxsus bo‘linma askari allaqachon Rossiyaning Uzoq Sharqida tayyorgarlikdan o‘tayotgani, Ukrainadagi frontga jo‘natishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.
Shimoliy Koreyaning BMTdagi vakili bu xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi va ularni KXDR obro‘siga putur yetkazish va ikki suveren davlat o‘rtasidagi munosabatlarni buzishga urinish deb atadi.
Shimoliy Koreya va Rossiya Ikkinchi jahon urushidan keyin KXDR tashkil etilganidan beri ittifoqchilikni saqlab kelmoqda va ularning munosabatlari 2022-yilda Ukrainada urush boshlanganidan keyin faollashdi. Vashington va Seul uzoq vaqtdan beri Kim Chen In mojaroda foydalanish uchun qurol yetkazib berayotgani haqida bahslashib keladi.
Sharhlar