Tramp suiqasddan keyin birinchi marta ochiq havoda nutq so‘zladi
AQSH sobiq prezidenti va ushbu lavozimga Respublikachilar partiyasi nomzodi sifatida da’vogarlik qilayotgan Donald Tramp o‘ziga nisbatan amalga oshirilgan suiqasddan keyin birinchi marta Shimoliy Karolina shtati Eshboro shahrida ochiq havoda saylovoldi mitingini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda DW. Suiqasddan keyin uning omma oldidagi chiqishlari faqat binolar ichida bo‘lib o‘tayotgan edi.
Tramp nutq so‘zlagan tribuna atrofiga o‘q o‘tkazmaydigan shisha o‘rnatildi. Sobiq prezident nutqining o‘rtasida mitingda ishtirok etayotgan ayollardan birining issiq havo tufayli mazasi qochdi, shundan keyin Tramp sahnada turib, ayolga tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘radi, so‘ng himoya qobig‘idan chiqib, olomon olqishlari ostida o‘z tarafdorini quchdi.
O‘z nutqi chog‘ida Tramp demokratlar partiyasidan bo‘lgan raqibi, AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarrisga tanqid yog‘dirdi va uni AQSH prezidenti lavozimiga da’vogarlik qilganlar orasidagi “eng radikal so‘l nomzod” deb atadi. “Agar o‘rtoq Kamala noyabrda g‘olib chiqsa, Uchinchi jahon urushi deyarli muqarrar bo‘ladi”, — dedi u.
Sharhlar